Institutimiz rektori – Davron Аbdujalalovich Vaxabovning yangi – 2024 yil – Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yilidagi ilk maqolasi eʼlon qilindi.


Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi toʼqimachilik sanoatini iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylantiradi


Nuqtai nazar

Toʼqimachilik sanoati mamlakatimiz tarixining ajralmas qismi boʼlib, oʼrta asrlardan buyon mohir hunarmand ajdodlarimiz tomonidan jahonda yagona va oʼziga xos kashtachilik, zardoʼzlik, atlas va adras ishlab chiqarish maktablari yaratildi.

Lekin sobiq ittifoq tuzumi davrida Oʼzbekiston ulkan paxta xomashyosi bazasiga aylantirilgach, toʼqimachilik sohasi islohotlar jarayonidan ancha ortda qolib ketdi. Natijada ushbu tarmoqda ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish murakkablashdi. Bundan tashqari, sanoat mahsulotlari sifati pastligi, xalqaro raqobatbardoshlikning yoʼqligi va eksport koʼrsatkichlarining pastligidan zarar koʼrdi.

Bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʼnggi yillarda barcha sohalarda boʼlgani kabi toʼqimachilik tarmogʼida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunda ushbu tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta hissa qoʼshadigan, oʼz oʼrni va ulkan salohiyatga ega yoʼnalishlardan biriga aylandi. Jumladan, 2020 yilda Oʼzbekiston xorijga 1,9 milliard dollarlik toʼqimachilik mahsulotlarini eksport qildi va bu mamlakat umumiy eksportining 15 foizini tashkil etdi. 2023 yilning toʼqqiz oyida esa mamlakatimiz jahonning 193 ta davlati bilan savdo aloqalarini oʼrnatib, savdo aylanmasi hajmi oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 22,1 foizga oshishiga erishildi. Bunday yutuqlar zamirida, eng avvalo, bozorni liberallashtirish, byurokratik toʼsiqlarga barham berish, innovatsion va texnologik rivojlanishni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan ishlarning amaliy samarasi mujassamdir.

Ishonch, barqarorlik va sifat

Prezidentimizning 2019 yil 16 sentyabrdagi “Engil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʼbatlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori soha istiqbolini taʼminlashda muhim dasturilamal boʼldi. Unga koʼra, tizimda bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini joriy etish, korxonalarni tashkil etish va roʼyxatdan oʼtkazish tartib–taomillarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun soliq va maʼmuriy toʼsiqlarni kamaytirish va innovatsiyalarni qoʼllab–quvvatlash jamgʼarmalarini shakllantirish boʼyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Buning natijasi sifatida Toshkentda bir yilda 10 million metr mato toʼqib chiqarish salohiyatiga ega “Uztex” nomli yangi kompleks ishga tushirildi.

Xitoyning “Huafu fashion” kompaniyasi tomonidan Urganch shahrida yiliga 30 ming tonnaga yaqin ip ishlab chiqaradigan yangi toʼqimachilik korxonasi qurilib, 100 million АQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritildi.

Bugungi kunda yurtimizda qariyb 70 mingta sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgan boʼlsa, uning 11,5 mingtasi Toshkent shahri, 7,9 mingta tadbirkorlik subʼekti Fargʼona viloyati, 7,1 mingta korxona Toshkent viloyati hamda 6,2 mingtasi Samarqand viloyati hissasiga toʼgʼri keladi. Bunday yutuqlarga erishishda esa toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sohaga yangi texnologiyalar va ilgʼor tajribalarni keng joriy etish muhim omil boʼlmoqda.

Bundan tashqari, texnik va texnologik yangilanishlar samarasi sifatida korxonalarda sharoitlar yaxshilandi, atrof–muhit ifloslanishining oldini olish borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Аyni yoʼnalishda ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi boʼlgan Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti olimlari teri xomashyolarini chuqur qayta ishlash boʼyicha oʼzlarining ilmiy-tadqiqot ishlarini, ilmiy ishlanmalarini va takliflarini amaliyotga keng joriy etishga muvaffaq boʼlmoqdalar. Institut olimlari izlanishlari tufayli paxta terimidan soʼng qolib ketadigan yoki yoqib yuboriladigan gʼoʼzapoyadan eko-charm ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgani fikrimizning yorqin dalilidir.

Bu dunyo amaliyotida bajarilmagan boʼlib, birinchi marotaba taklif etildi va charm sanoati uchun muhim yangilik sifatida eʼtirof etildi. Mamlakatimizda bu kabi yangiliklarni doimiy ravishda amaliyotga joriy etib borish eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Humoyun Foziljonov, [04.01.2024 20:12]
Umuman olganda, soʼnggi yillarda amalga oshirilgan chora–tadbirlar rejasi samaradorligini baholash Oʼzbekistonda toʼqimachilik sohasida islohotlar muvaffaqiyatli kechganini koʼrsatadi. Bu mazkur tarmoqning boshi berk koʼchadan chiqishi hamda sezilarli yutuqlarga erishishi uchun imkoniyat yaratdi.

Zamonaviy mutaxassislar tayyorlash – ustuvor vazifa

Prezidentimizning soha rivoji va uning jahon bozoridagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan islohotlari bevosita kadrlar masalasi bilan ham bogʼliqdir. Tarmoqni rivojlantirishning keyingi istiqbollari innovatsiyalarni chuqurlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish, mahsulot turlarini kengaytirish va yangi bozorlarni izlashni taqozo etadi. Bu kelgusida toʼqimachilik va yengil sanoat yoʼnalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning ilmiy-amaliy bilimlarga ega boʼlishi kerakligini taqozo etadi.

Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Institut sohaning tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida toʼqimachilik va yengil sanoat uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim oʼrin tutadi.

Аyni jihatlarni inobatga olib, institut professor–oʼqituvchilari, talabalari sohaga yangi texnologiyalarni jalb etish, xomashyo bazasini kengaytirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan faol shugʼullanib kelmoqda. Bu sohaning innovatsion rivojlanishi hamda jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Institutda 2021-2023 yillarda 2 ta amaliy loyiha, 1 ta xorijiy grant, 1 ta xalqaro hamkorlik qoʼshma loyihalari amalga oshirildi. Oʼz navbatida 74 ta xoʼjalik shartnomalari asosida qoʼshimcha mablagʼlar jalb qilinib, 74 ta ishlab chiqarish korxonalari bilan shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, institut tomonidan 2022-2026 yillarda Oʼzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi boʼyicha yaqin yillarda tashkil etiladigan ilmiy mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion akademik “Spin-off” korxonalari faoliyatini yoʼlga qoʼyish rejalashtirilgan boʼlib, hozirda tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.

Institutning ilmiy salohiyati va reytingini oshirish maqsadida 2021-2023 yillarda 66 nafar pedagog xodimlarimiz PhD va 17 nafari DSc ilmiy darajalarini himoya qildi. Shu bilan birga, 2021–2023 yillarda “Web of Science”, “Scopus” va “h-index” xalqaro ilmiy jurnallarda 1000 dan ortiq maqolalar nashr qilindi. Ixtirolar uchun 111 ta patentlar olinib, 85 ta monografiya chop etildi.

Taʼlim muassasasida toʼqimachilik va yengil sanoat korxonalari bilan faol hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, bu talabalarning nazariy bilim va amaliy tajriba almashishiga koʼmaklashmoqda. Bitiruvchilarning bilim sifatini yuksaltirish esa sanoatda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining “Kambagʼallikni qisqartirishda tadbirkorlik subʼektlari bilan oʼzaro manfaatli hamkorlik oʼrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmonining 14-bandi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat institutining 3-4-kurs talabalari uchun “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi buyrugʼi ijrosi izchillik bilan taʼminlanmoqda. Shu asosda 3-4-kurs talabalari uchun 2023-2024-oʼquv yilidan tajriba–sinov tariqasida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini joriy qilish boʼyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, 805 nafar 3-kurs va 868 nafar 4-kurs talabalari korxonalarga biriktirilib, amaliy mashgʼulotlarni korxonalarda olib boruvchi oʼqituvchilar biriktirildi.

Ikkinchidan, 3-4-kurs taʼlim yoʼnalishlaridagi talabalarning oʼquv rejalari, fanlarning oʼquv dasturlari hamda professor-oʼqituvchilarning oʼquv yuklamalari jarayonini dual taʼlim shaklida tashkil etish shakllantirildi hamda tasdiqlandi.

Humoyun Foziljonov, [04.01.2024 20:12]
Uchinchidan, yangi ishlab chiqilgan dars jadvali asosida 23 oktyabrdan 4-kurs talabalari toʼliq 3 kun nazariy hamda 3 kun korxonalarda amaliy taʼlim tizimida oʼqishga oʼtishlari taʼminlandi. Uchinchi bosqich taʼlim yoʼnalishlarining tasdiqlangan oʼquv jarayoni jadvaliga koʼra, talabalar 6 noyabrdan 3 kun nazariy hamda 3 kun korxonalarda amaliy taʼlim tizimida oʼqishlari tashkil etildi.

Xalqaro hamkorlik rivoji yangi bosqichda

Аyni paytda institut xorijning nufuzli oliy oʼquv yurtlari va tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilib, toʼqimachilik va yengil sanoat sohasida tajriba almashish, ilgʼor texnologiyalarni joriy etishga koʼmaklashmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar miqyosini oshirish va sohaning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilayotir.

Oʼtgan qisqa davrda Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti bir nechta xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʼldi. Xususan, Xalqaro toʼqimachilik akademiyasi (Shveytsariya), Xalqaro matbaa oʼquv yurtlari assotsiatsiyasi (Germaniya), Xalqaro ipak assotsiatsiyasi (Frantsiya), “Ipak yoʼli” yuqori va yangi texnologiyalar assotsiatsiyasi va Jahon toʼqimachilik universitetlari alьyansi (Xitoy) hamda Toʼqimachilik universitetlari assotsiatsiyasi (Gretsiya) shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, institut xorijiy mamlakatlarning 20 dan ortiq turdosh oʼquv yurtlari bilan mustahkam aloqalar oʼrnatdi. Bularning orasida Buyuk Britaniya Markaziy Lankashir universiteti, Frantsiyaning Parij xalqaro modalar akademiyasi, Italiyaning Yevropa dizayn universiteti, Turkiyaning Egey va Sakarya universitetlari, «GIZ» Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti, Xitoyning Donxua universiteti, Chanshu texnologiya instituti, Janubiy Koreyaning Jungbu universiteti, Janubiy Hindiston toʼqimachilik Аssotsiatsiyasi, Belьgiyaning Gent, Gretsiyaning Gʼarbiy Аttika universiteti, Rossiyaning А.N.Kosigin nomidagi universiteti, Pokiston, Bangladesh singari mamlakatlar vakillari bilan oʼzaro hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Ezgu tashabbuslar doirasida ilmiy sohadagi xorijiy hamkorlikda oʼquv laboratoriya bazasi soʼnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlandi. Hamkorlik samarasi sifatida 2020 yil 15 million АQSh dollari miqdorida Koreya Respublikasi hukumatining granti asosida “KOR–UZ” oʼquv-amaliy toʼqimachilik Texnoparki tashkil etildi. Shu bilan birga, bir qator xorij kompaniyalari tomonidan institutda zamonaviy oʼquv markazlari hamda Jahon banki granti asosida laboratoriyalar tashkil etildi.

Xorijiy hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish natijasida oxirgi uch yilda ixtirolar uchun 18 ta xalqaro patent olindi. Scopus xalqaro bazasiga kiritilgan jurnallarda 100 dan ortiq maqolalar va 7 ta monografiyalar chop etildi. Oʼzaro hamkorlikda 7 nafar PhD falsafa doktori va 2 nafar DSc fan doktorlari tayyorlashga erishildi.

Institutimiz Oʼzbekiston toʼqimachilik va yengil sanoatini rivojlantirish, taʼlim berish, ilmiy-tadqiqot va tajriba–konstruktorlik ishlarini olib borish, sanoat korxonalari bilan faol hamkorlik qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda asosiy ishtirokchilardan biri hisoblanadi.

Shu bois toʼqimachilik va yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli islohotlarning kelajagi yorqin. Quvonarlisi esa yangilanish va oʼzgarishlar qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, taʼlim sifatini oshirish allaqachon oʼz samarasini bera boshlagani hech kimga sir emas.

Shuning uchun ham soʼnggi yillarda Oʼzbekistonning mintaqadagi oʼrni va xalqaro imiji oshib bormoqda. Аmalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsion gʼoyalar tufayli yurtimiz xorijiy sarmoyadorlari va hamkorlar uchun tobora jozibador boʼlib bormoqda.

Davron VАHOBOV,

Oʼzbekiston Respublikasi

Savdo-sanoat palatasi raisi,

Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti rektori.

MINBAR

ДУАЛ ТАЪЛИМ ТАЛАБАГА НЕГА КЕРАК? ОТМГА-ЧИ?

Юксалиш палласи
ДУАЛ ТАЪЛИМ ТАЛАБАГА НЕГА КЕРАК? ОТМГА-ЧИ?

Давлатимиз раҳбари ўтган йил 28 июнида пахта ҳосилдорлигини ошириш ва тўқимачилик маҳсулотлари экспортини кўпайтириш чора-тадбирлари юзасидан ўтказган видеоселектор йиғилишида янги ўқув йилидан бошлаб Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтининг 3–4 курс талабаларини ўқитишда дуал таълим тизимини жорий қилиш бўйича топшириқ берилди. Унга кўра, ҳафтанинг уч кунида назарий дарслар, қолган уч кунида тўқимачилик технопарки ва корхоналарда амалий машғулотлар асосида ўқитиш тизимини жорий қилинадиган бўлди.
Aслида дуал таълим қандай тизим? Ўзбекистонда, айнан Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтида бу тизимни қўллашдан кўзланган мақсад нима? У қандай натижа беради?
Анъанавий таълим шаклида талабалар институтда назарий билимларни кўпроқ эгаллаб, амалиёт қисмини корхона ва ташкилотларда нисбатан камроқ соатларда ўтайди. Бу усулда тайёрланган муҳандис-технологларнинг малакаси эса ҳозирги кунга келиб ишлаб чиқариш корхоналарининг талабига жавоб бермаяпти. Чунки қайси тадбиркор билан учрашмайлик, албатта, шуни таъкидламоқда.
Мамлакатимизда фаолият юритаётган аксарият тўқимачилик корхоналарида чет эллик технологлар ишламоқда. Уларга тадбиркорлар жуда юқори маош тўлайди. Шунинг учун ривожланган мамлакатларнинг таълим тизими ўрганилиб, ўқиш билан бир вақтда замонавий технология ва дастгоҳларда корхона, ташкилотларда ишлаш имконини берувчи дуал таълим шакли Ўзбекистон таълим тизимига кириб келмоқда.
Дуал таълим — талабага олий ўқув юртида таълим олиш билан бирга ўз йўналишига мос ташкилотда меҳнат қилиш, малака ошириш имкониятини берувчи тизим. Бунда талабалар ҳафтанинг уч кунида институтда назарий билимларни, қолган уч кунида корхона ва ташкилотларда ҳақиқий иш жараёнларида амалий кўникмаларни эгаллайди. Дуал таълим шаклида таҳсил олаётган талаба корхона ва ташкилотларда ишга қабул қилинганда корхона томонидан малакали устоз бириктирилади ва амалиётчига ойлик маош тўланади.
Бугунги кунда ушбу тизим Германия, Австрия, Швейцария ва Жанубий Корея каби ривожланган мамлакатларда иқтисодиётни янада ривожлантиришда жуда катта ўрин тутмоқда. Биз айнан Германия тажрибаси асосида дуал таълимни йўлга қўйишни режалаштирганмиз. Сабаби, у мазкур тизимни энг самарали йўлга қўйган давлатлардан бири. Бу мамлакат ўзининг таълим тизимига дуал таълимни 1960-йиллaрнинг ўртaлaридaн қўллай бошлаган.
Германияда бугунги кунда 1,4 миллион ёш дуал таълим шаклида ўқимоқда. Ҳар йили 500 минг ўқувчи дуал таълимда иштирок этиш учун корхоналар билан келишувга эришади. 74 фоиз ёшлар ўқишни якунлагандан сўнг иш берувчи билан меҳнат шартномаси имзолайди. Корхона томонидан ўқувчи(талаба)ларга малакали, махсус синовдан ўтган ҳамда сертификатга эга устоз бириктирилади.
Бу тизим Германияда ўрта бўғин кадрларини тайёрлашда йўлга қўйилган бўлса, Ўзбекистонда нафақат ўрта бўғин кадрларини тайёрлашда, балки олий таълим тизимида, яъни Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институти мисолида тажриба-синов тариқасида қўлланмоқда.
Савдо-саноат палатаси, тадбиркорлар ва Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институти жамоаси биргаликда ёшларга таълим беришни янги босқичга олиб чиқиш, битирувчиларни соҳасининг етук, замонавий мутахассиси этиб тайёрлаш билан бирга бизнесга қизиқишини ошириш, уларни йирик корхоналарнинг ҳамкори сифатида тайёрлашга бел боғлаган. Бунинг учун “Бир тадбиркор — уч ҳамкор” лойиҳаси ишлаб чиқилди. Унга кўра, ҳар бир мутахассислик кафедрасидаги уч нафар битирувчини ишлаб чиқариш корхонасига ҳамкор қилиб тайёрлаш устида иш олиб борилмоқда. Ҳозир институтдаги 14 та кафедрада ёш мутахассислар тайёрланаётган бўлса, ўқув йили якунида бу лойиҳа бўйича камида 42 нафар ҳамкор тадбиркор етишиб чиқади.

MQJT, [17.11.2023 16:21]
Институтда дуал таълимни ривожлантириш, бу бўйича дунё тажрибасини ўрганиш, қолаверса, тажрибамизни ўртоқлашиш мақсадида шу йилнинг 28–29 ноябрь кунлари “Дуал таълимнинг фан, таълим ва инновациялар соҳасидаги истиқболи” мавзусида халқаро анжуман ўтказилмоқда. Унга халқаро ташкилотлар, хорижий давлатлар элчихоналари ва чет эл олий таълим муассасалари ҳамда корхоналаридан 60 дан ортиқ меҳмон таклиф қилинган.
Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институти шу кунга қадар 200 га яқин корхона билан ҳамкорлик йўлга қўйган эди. 2022–2023 ўқув йилидан Тошкент шаҳри ва вилоятида жойлашган 60 га яқин корхона билан шартнома асосида 3-курсдаги 864 нафар талаба тажриба-синов тариқасида дуал таълим шаклида ўқитилди. Бунда ўқув режасидаги мутахассислик фанларининг ўртача 50 фоиз юкламаси, яъни амалий қисми корхоналарда ўтилди. Корхонага бориб келиши учун талабаларга транспорт ажратилди, тушлик ташкил этилди. Баъзи корхоналар ишга қабул қилинган талабаларга бажарган ишига қараб ойига 500 минг сўмдан 1 миллион сўмгача ҳақ тўлади. Олдин талабалар бўш вақтида турли соҳаларда, асосан савдо-сотиқ, хизмат кўрсатиш кабиларда иш ҳақи топган бўлса, дуал таълим тизими туфайли ўз йўналиши бўйича ҳам ўқиб, ҳам ишлаб, пул топишга эришди.
Мазкур ишларни жадаллаштириш, дуал таълимга кўпроқ тадбиркорларни жалб қилиш, уларни рағбатлантириш тизимини жорий қилиш, ишсиз аёллар ва ёшларни иш билан таъминлаш орқали камбағалликни қисқартириш мақсадида Президентимизнинг “Камбағалликни қисқартиришда тадбиркорлик субъектлари билан ўзаро манфаатли ҳамкорлик ўрнатишга қаратилган чора-тадбирлар тўғрисида”ги фармони қабул қилинди.
Фармон билан “20 минг тадбиркор — 500 минг малакали мутахассис” дастурини амалга ошириш тўғрисидаги таклифга розилик берилди. Бу дастурда тадбиркорлик субъектлари “ҳамкорлик шартномаси” асосида ихтиёрий равишда иштирок этиши, унда иштирок этган тадбиркорларга табақалаштирилган имтиёз ва переференциялар берилиши назарда тутилди. Шунингдек, Савдо-саноат палатаси, Камбағалликни қисқартириш ва бандлик вазирлиги ҳамда Олий таълим, фан ва инновациялар вазирлигининг олий таълим тизимида “Касб эгаси” дуал таълим тизимини тажриба тариқасида ишга тушириши кўзда тутилди. 2023/2024 ўқув йилидан бошлаб дуал таълим тизими Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтида 3–4 курс талабалари учун жорий қилиниши белгиланди.
Меъёрий-ҳуқуқий ҳужжатнинг энг асосий жиҳатларидан бири Савдо-саноат палатаси томонидан ишлаб чиқариш корхоналарининг қўшимча ишчи кучига бўлган талаби шакллантирилади ва у талабаларга етказилади. Талабалар танланган иш ўринлари бўйича электрон йўлланма тегишли корхонага етказилади. Бунда йўлланма асосида таълим жараёнини бевосита корхоналарда ўтаган талабалар учун корхона томонидан иш ҳақи ҳисобланади ва Бандликка кўмаклашиш давлат жамғармаси маблағлари ҳисобидан ҳар ой учун мазкур иш ҳақининг 2 миллион сўмгача бўлган қисми қоплаб берилади.
Фармон ижроси бўйича 2023/2024 ўқув йилида Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтининг 3-4 курсида таҳсил олаётган барча талабалар “Касб эгаси” дуал таълим тизими асосида ўқитиш тизимига тўлиқ ўтказилди. Яъни 3-курсда таҳсил олаётган 805 талаба 57 корхонага, 4-курсда ўқиётган 854 талаба 62 та корхонага тақсимланиб, белгиланган график асосида ҳафтанинг уч кунида институтда назарий дарслар, қолган уч кунида корхонада амалий дарслар асосида таҳсил олмоқда. Талабаларга корхонанинг малакали мутахассислари амалиёт раҳбари этиб тайинланган. Институт профессор-ўқитувчилари бу тизимнинг ютуқ ва камчиликларини таҳлил қилиб бормоқда.
Бу тизимнинг афзаллиги 3–4 курс талабалари корхонада ўрнатилган энг замонавий дастгоҳларда ишлашни ўрганишдан ташқари меҳнат жамоаси билан яқиндан танишиши, дуал таълим бўйича олган билимини намоён қилган, ўзини яхши томондан кўрсата олган битирувчилар корхонага ишга қабул қилинишда катта имтиёзга эга бўлиши, ишга қабул қилинганда меҳнат фаолиятига жуда енгил киришиб кетиши мумкинлигида яққол кўринмоқда.Бир неча йил олдин давлатимиз раҳбари соҳа ходимлари олдига мамлакатимизда етиштирилган хомашёни жаҳон бозорига тайёр маҳсулот сифатида олиб чиқиш, бунинг учун соҳани кластер тизимига ўтказиш, шу орқали ҳудудларда аҳолини иш билан таъминлаш вазифасини қўйган эди.
Ўзбекистон тўқимачилик ва тикув-трикотаж саноатининг 2017–2023 йиллардаги асосий кўрсаткичлари таҳлилига кўра, мамлакатда етиштирилган пахта толасини қайта ишлаш даражаси 40 фоиздан 100 фоизга етган. Ялпи ички маҳсулотда соҳанинг улуши 7,6 фоиздан 9,2 фоизга ошган. Саноат маҳсулотларидаги улуши 15 фоизга етган. Биргина тикув-трикотаж саноатининг маҳсулотлари ҳажми 88 370,0 миллиард сўмни ташкил этаётгани ҳамда соҳада 600 мингга яқин одам меҳнат қилаётганини инобатга олсак, Ўзбекистон иқтисодиётининг драйвер соҳаларидан бири бўлган тўқимачилик саноатини ривожлантириш орқали аҳолини иш билан таъминлаш, камбағалликдан чиқаришга эришиш мумкинлигини кўриш мумкин. Шундай экан, мамлакатимиз ҳудудидаги мавжуд ва янгидан ташкил этилаётган соҳа корхоналарини малакали мутахассислар билан таъминлаш учун биринчилардан бўлиб Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтида дуал таълим тизимини қўллаш айни вазифаларнинг энг тўғри ечимидир.
Ҳозир юртимизда соҳа бўйича ишлаётган корхоналар сони 7 мингдан ошди. Бунга, албатта, кичик тадбиркорлик, ўрта бизнес ва йирик корхоналар киради. Асосий мақсад Германия тажрибаси асосида Тошкент тўқимачилик ва енгил саноат институтида ишбилармон тадбиркорлар, илғор ишлаб чиқарувчилар билан биргаликда замонавий етук мутахассисларни дуал таълим шаклида тайёрлашдан иборат. Бу ерда албатта Савдо-саноат палатаси координатор вазифасини бажаради.
Қилинаётган ишлар таҳлили, дастлабки хулосаларга кўра, бу тизим уч тарафлама, яъни институт, корхона ва талабага манфаатли бўлиб, соҳа корхоналарига замонавий малакали мутахассисларни тайёрлашга хизмат қилади.
Даврон ВАҲОБОВ,
Савдо-саноат палатаси раиси,
Тошкент тўқимачилик ва енгил
саноат институти ректори

Manzil:100100, Toshkent sh, Yakkasaroy tum.,
Shohjahon ko‘chasi 5
Bog’lanish:
(99871) 253-06-06
Faks:
(99871) 253-36-17
E-mail: Pochta@ttyesi.uz

©TTYSI Raqamli ta'lim texnologiyalar markazi 2024
error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!