Joriy yilning 27-yanvar kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Sergeli tumanidagi 322-maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. “Ochiq eshiklar kuni” doirasida institutga Sergeli tumanidagi 322-maktabning 29 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘qituvchilari hamrohligida tashrif buyurishdi. Bitiruvchilar institutdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari va Axborot resurs markazi, “Kostyum dizayni”, “Kimyo” hamda “Ipak texnologiyasi” kafedralari faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqishdi. Institutda talabalarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni o‘zlari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

“Kostyum dizayni” kafedrasi jamoasi maktab bitiruvchilariga “Dizayn” yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar tomonidan tayyorlangan predmet-buyumlar va eskizlarni namoyish etishdi. “Kimyo” kafedrasi jamoasi bitiruvchilarga institutda mavjud eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kimyoviy apparatlar to‘g‘risida ma’lumot berishdi hamda bir nechta kimyoviy reaksiyalarni namuna tarzida bevosita bitiruvchilarning ko‘z o‘ngida ko‘rsatib berishdi. “Ipak texnologiyasi” kafedrasi jamoasi esa bitiruvchilarga ipakning Markaziy Osiyoga kirib kelishi tarixini batafsil so‘zlab berdilar hamda pilladan ipak olish jarayonini bitiruvchilarning bevosita ko‘z o‘ngida ko‘rsatib berishdi. “Ochiq eshiklar kuni” maktab bitiruvchilari uchun g‘oyat qiziqarli va sermazmun bo‘ldi. Ular Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga o‘qishga kirish uchun harakat qilishga qat’iy ahd qilishdi.

error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!