Tinchlik eng oliy va bebaho ne’matdir. Tinch yurtda yuksalish va bunyodkorlik rivoj topadi. Ona vatan tinchligini asrash har birimizning insoniy va muqaddas burchimizdir. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Biz vatanga qoyamiz, mustahkam himoyamiz” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, t.f.d, professor Azamat Gulamov barchani bayram bilan qutlar ekan, Vatanimiz barchamiz uchun muqaddas tushuncha, unga xizmat qilish katta sharaf ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik markazi, boshliq o‘rinbosari podpolkovnik G‘anijon Qurbonov Milliy Armiyamiz va uning jangovor salohiyati haqida talabalarga ma’lumotlar berib, bayram bilan qizg‘in muborakbod etdi.  

Tadbir davomida talabalar tomonidan tomoshabinlarga xushkayfiyat ulashish maqsadida milliy ruhdagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar, Vatanni madh etuvchi she’rlar hamda samimiy tilaklar taqdim etildi.

Yuksak vatanparvarlik ruhida o‘tgan tadbir professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun haqiqiy  bayram sovg‘asi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vatanimizni himoya qilishdek g‘oyat sharafli va ma’suliyatli vazifani ado etishda fidoyilik ko‘rsatayotgan barcha yurtdoshlarimizni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklaymiz.

error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!