YANGILIK VA TADBIRLAR

Yangi О‘zbekistonda jamiyat taraqqiyotidagi demokratik о‘zgarishlarning mohiyati

12

Mustaqilligimizning 30 yili mobaynida bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin huquqiy demokratik davlat tizimi barpo qilindi. Mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy iqtisodiy va ma’naviy sohalarda tub islohotlar amalga oshirildi. Sо‘nggi 5 yilda О‘zbekiston taraqqiyotining yangi davri boshlanib, mamlakat taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga kо‘tarish, islohotlarni amalga oshirish eng muhim strategik vazifa sifatida belgilandi.

Davlat va jamiyat taraqqiyotining har bir sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Harakatlar strategiyasi – milliy taraqqiyotning takomillashgan konseptual modeli sifatida о‘zini oqladi. Bunday siyosiy modernizatsiyalash, aslida an’anaviy jamiyatni zamonaviylashtirish bо‘lib, milliy rivojlanishda bir qadam olg‘a siljishni bildiradi. Xalqaro andozalar, jahon talablariga yetib olish maqsadida О‘zbekistonda siyosiy modernizatsiyaning jadallashgan modeliga о‘tildi. Harakatlar strategiyasining bosh maqsadi demokratik jamiyatning jadal rivojlanishini ta’minlovchi ichki mexanizmlarni barpo etishdir. Bu borada davlat boshqaruvi takomillashtirilib, jadal о‘zgarib borayotgan hayot talablariga muvofiqlashtirib borilmoqda.
Xalqimiz dunyoqarashining о‘zgarishi – islohotlarning ibtidosidir. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’naviy uyg‘oq jamiyatni qudratli kuchga qiyos etadi. Bugun odamlar uyg‘onmoqda, jamiyat uyg‘onmoqda, islohotlarning yangi davri boshlanganini his qilmoqda va о‘z xayrixohligini kо‘rsatmoqda. Mamlakatimizda kechayotgan demokratik о‘zgarishlar sharoi­tida xorijiy davlatlar andozalarga mos keladigan ijobiy tajriba shakllantirildi.
О‘zbekiston Respublika­sida saylov qonunchiligining takomillashishi saylov amaliyotini demokratik islohotlarning tarkibiy qismi sifatida baholash mumkin. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi davlat rahbari lavozimiga eng munosib nomzodni saylash hamda bu jarayonda saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liqdir. Chunki saylovlar xalqqa davlat hokimiyatining yagona manbai sifatidagi siyosiy rolini amalga oshirish imkonini beradigan hal qiluvchi jarayondir.
Bu borada, ayniqsa, mamlakat Prezidenti saylovi alohida о‘ringa ega. Mazkur saylovning muhim ahamiyati shundaki, uning natijasida davlat boshlig‘i saylanibgina qolmay, balki jamiyat a’zolarining xohish-istaklari, kayfiyati, davlat siyosatiga real munosabati aniqlanadi. Bu jarayonda konstitusi­yaviy asosda о‘rnatilgan va taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblangan fikrlar xilma-xilligi ham yaqqol namoyon bо‘ladi. Shu jihatdan olganda, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishni erkin saylovlarsiz tasavvur etib bо‘lmaydi.
Ma’lumki, saylov jarayoni saylov kampaniyasini e’lon qilish, saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlar kо‘rsatish, ularni rо‘yxatga olish va saylovga tayyorgarlik kо‘rish hamda uni о‘tkazish bilan bog‘liq bir qator bosqichlardan iborat bо‘lib, ularning mazmun-mohiyatini tо‘g‘ri anglash muhim ahamiyatga ega.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik kо‘rish hamda uni demokra­tik tarzda ochiq va oshkora о‘tkazish bilan bog‘liq masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshi­riladi. Konstitusiyamizdagi О‘zbekiston Respublikasi Preziden­ti saylovi bilan bog‘liq qoida-talablar muhim ahamiyatga ega bо‘lib, birinchidan, fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta’min­lash orqali mamlakat rahbari bevosita saylovchilar tomonidan saylanadi, ikkinchidan, jamoat tashkilotlari va fuqarolik ja­miyati institutlarining tobora rivojlanishi asosida siyosiy partiyalarning davlat organlarini shakllantirishdagi faoliyatini kafolatlaydi, uchinchidan, saylov huquqi tamoyillari va muddatlari asosida О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti say­lovi mustaqil saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi ta’minlanadi.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maqomi Konstitusiyaning 89-moddasida belgilangan bо‘lib, unga kо‘ra О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi­ni hamda hamkorligini ta’minlaydi.
Konstitusiyamizning 117-moddasida О‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylash va saylanish huquqiga va har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, shuningdek, ovoz berish huquqi, о‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi ka­folatlangan.
Bundan tashqari, ushbu moddada saylov huquqining muhim prinsiplari mustahkamlangan bо‘lib, saylov jarayonlarini xalqaro saylov standartlari asosida ochiq-oshkora va demokra­tik tarzda о‘tkazishga imkon beradi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yurtimizda saylovga oid qonunlarning tizimlashtirilishi hamda qо‘shimcha о‘ttizdan ortiq muhim demokratik qoida-talablarning kiritilishi aso­sida qabul qilingan. Saylov kodeksi mazkur jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi.
Hozirda saylovchilarning yagona elektron rо‘yxati joriy etildi, siyosiy partiyalarning sog‘lom raqobat olib borishi uchun teng shart-sharoitlar yaratildi. Keyingi yil­lardagi ochiqlik, insonparvarlikka asoslangan islohotlar say­lovlarga tayyorgarlik kо‘rish va ularni о‘tkazish jarayonida ham yaqqol namoyon bо‘lmoqda. Mamlakatimizda о‘tkazilayotgan tur­li darajadagi saylovlar xalqimiz ongi va kayfiyatida ijo­biy о‘zgarishlar yasadi, bu muhim siyosiy jarayonga munosabatni о‘zgartirdi. Fuqarolar ertangi kunga ishonch hamda ona Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan saylov jarayonlarida ishti­rok etmoqdalar.
2021 yil 9 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev О‘zLDP Qurultoyida о‘z saylovoldi dasturlari bо‘yicha nutq sо‘zladi. “Yangi О‘zbekiston – inson qadri ustuvor bо‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatdir” deb nomlangan nutqda hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya, izchillik bilan qaror topib borayotgani ta’kidlandi. “Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va rо‘zg‘orida о‘z aksini topishi zarur. Bu – hayotiy haqiqat. Misol uchun, hozirgi vaqtda О‘zbekistondagi har 100 ta oilaga 162 ta televizor, 107 ta xolodilnik, 287 ta mobil telefon, 49 ta yengil avtomobil tо‘g‘ri kelmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatimizdagi oilalarning qariyb yarmi, о‘zining shaxsiy avtomobiliga ega”, deb ta’kidlandi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Biznes sohasida soliq turlari va uning yukini kamaytirish bо‘yicha, tizimli ishlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. 2020 yilda qо‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirilgan edi. Bu – 100 ming tadbirkor ixtiyorida 10 trillion sо‘m mablag‘ qoladi, degani. 2023 yildan boshlab, ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushirilishi tadbirkorlar uchun muhim yangilik bо‘ldi. Kelgusi yili korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi va buning natijasida tadbirkorlar ixtiyorida yiliga 500 milliard sо‘m mablag‘ qoladi. Yana bir yangilik – 2023 yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona kо‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi. Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yо‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi har xil bо‘lib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil bо‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Harakatlar strategiyasi – innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirishni ham kо‘zda tutadi. Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bо‘lsak, ularda jamiyat hayotini о‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini kо‘ramiz. Chunki maktabni о‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni о‘zgartirib bо‘lmaydi.
Xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli kо‘rsatkichlarga erishish bо‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi.
Masalan, 2030 yilga borib о‘quvchilar bilimini baholash bо‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida О‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qо‘yilgan. Davlatimiz rahbari о‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Sо‘nggi besh yilda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bо‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-meyoriy asoslari mustahkamlandi. Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklandi. Sо‘nggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumta’lim maktabi yangidan qurildi. Shavkat Mirziyoyev о‘z ma’ruzalarida: “О‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash borasidagi ishlar davom ettiriladi. Bolalar soni о‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni kо‘paytirish, ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi maktablarni rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqiladi. Shu asosda, kelgusi besh yilda qо‘shimcha 1,2 million о‘quvchi о‘rni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinadi va yangidan barpo etiladi”, deb ta’kidlab о‘tdilar.
Bugungi kunda agrar sektor yalpi va tizimli transformatsiya qilish boshlandi, ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsad bо‘lib, 2020-2030 yillarga mо‘ljallab ishlab chiqilgan Qishloq xо‘jaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qо‘yildi. Qishloq xо‘jaligi yerlaridan unumli va samarali foydalanish maqsadida, 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida, 10 sotixdan 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taqdim etayotgan Yangi О‘zbekiston strategiyasida maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimlaridagi vazifalar: maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi, hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazilishi, maktab ta’limi tizimi uchun о‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida tо‘la qayta ishlanib, 2026 yilga qadar amalda joriy etilishi, oliy ta’limga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga asosiy e’tibor ta’lim sifatini oshirishga qaratilishi, 2026 yilga qadar kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kiritilishi, talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun kelgusi besh yilda qariyb 100 ming о‘rinli talabalar yotoqxonalari barpo etilishi, oliy ta’limda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2026 yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkazilishi, doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi hamda manfaatdor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan tо‘lov-grant asosida joriy etilishi, olimpiya va milliy sport turlari bо‘yicha har ikki yilda о‘tkaziladigan umumrespublika sport о‘yinlari – Milliy olimpiada tizimi joriy etilishi Oliy ta’limni rivojlantirishning о‘ziga xos demokratik yо‘li va taraqqiyotida muhim о‘rin tutadi.
Muhtaram Prezidentimizning har tomonlama olib borayotgan odil siyosati, xalqimizning orzu-intilishlari, maqsad va vazifalarini amalga oshirishda muhim dasturilamal hisoblanadi. Zeroki, har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va rо‘zg‘orida о‘z aksini topayotganligidan dalolat bermoqda.

Ilxom SABIROV, Toshkent tо‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori.

Manzil:100100, Toshkent sh, Yakkasaroy tum.,
Shohjahon ko‘chasi 5
Bog’lanish:
(99871) 253-06-06
Faks:
(99871) 253-36-17
E-mail: Pochta@ttyesi.uz

©TTYSI Raqamli ta'lim texnologiyalar markazi 2024
error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!