YANGILIK VA TADBIRLAR

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti “Intellektual mulk sohasidagi eng yaxshi korxona” deb e’tirof etilib, oltin medal va diplom bilan taqdirlandi

photo_2022-04-28_12-18-26

2022-yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligida “26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni” munosabati bilan an’anaviy o‘tkaziluvchi eng yaxshi intellektual mulk obyekti “Best IP – 2022” tanlovi g‘oliblari hamda Butunjahon intellektual mulk tashkilotining “Ixtirochilik uchun”, “Ijodkorlik uchun” medallari va “Intellektual mulk sohasidagi eng yaxshi korxona” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlari bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Quvonarlisi shundaki, mazkur tanlovda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan e’lon qilingan uchta nominatsiyadan “Intellektual mulk sohasidagi eng yaxshi korxona” deb e’tirof etilgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti oltin medal va diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, institutining “Tikuv buyumlarini konstruksiyalash va texnologiyasi” kafedrasi mudiri Mastura Rasulova rahbarligida, Gavxarxon Orziqulova, Nilufar Qurbanova, Mushtariybonu To‘lqunovalar muallifligida yaratilgan Tos-son bo‘g‘inlari uchun bandaj dizayni esa “Eng yaxshi Sanoat namunasi” nominatsiyasi bo‘yicha III-darajali diplomga loyiq deb topildi.

Albatta, mazkur yutuqlar zamirida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur sohaga bo‘lgan e’tibori, bu borada qabul qilinayotgan qaror va farmonlari, qolaversa, institut rahbariyatining professor-o‘qituvchilarga talabnomalarni topshirish va patent olishdagi yaratib berayotgan keng ko‘lamdagi sharoitlari natijasi hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirgi kunda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Intellektual mulk agentligiga talabnoma topshirish va patent olish bo‘yicha respublika oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi uchtalikda turadi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tgan 2020-2021 yillarda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish maqsadida Intellektual mulk agentligiga patent olish uchun jami 150 ga yaqin talabnomalar topshirilib, 94 ta patent (43 ta ixtiro, 21 ta foydali model, 11 ta sanoat namunasi, 19 ta mualliflik guvohnomasi) olindi.

Ta’kidlash joizki, institutda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning to‘qimachilik sohasida yaratayotgan yangi ishlanmalarini muhofazalash va ularga egalik qilish huquqini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida 2021-yil 30-mart kuni institutda O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi “Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aynan mazkur markaz institut professor-o‘qituvchilarining ishlanmalarni patentlash borasidagi huquqiy bilimlari yanada oshirishga zamin yaratmoqda. Bu borada markazning yetakchi xodimlari bilan birgalikda rejaga muvofiq qator uchrashuvlar va seminar-trengilar o‘tkazilib borilmoqda.

Manzil:100100, Toshkent sh, Yakkasaroy tum.,
Shohjahon ko‘chasi 5
Bog’lanish:
(99871) 253-06-06
Faks:
(99871) 253-36-17
E-mail: Pochta@ttyesi.uz

©TTYSI Raqamli ta'lim texnologiyalar markazi 2024
error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!