YANGILIK VA TADBIRLAR

Fransiya-Oʻzbekiston forumi: oliy taʼlimdagi samarali hamkorlikning muhim omili

Fransiya poytaxtida 500 ga yaqin rektorlar, ilmiy doira vakillari va professorlarni jamlagan “Campus France–2022” hamda Fransiya-Oʻzbekiston univesitetlari II forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda.

Forumni “Campus France” tashkiloti rahbari Donatyen Issard xonim kirish soʻzi bilan ochib, taʼlim sohasida yaqindan hamkorlik oʻrnatish maqsadida tashrif buyurgan Oʻzbekiston delegatsiyasiga alohida minnatdorlik bildirdi. Soʻzga chiqqanlar ikki davlat hamkorligi, jumladan oliy taʼlim sohasidagi aloqalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov uchrashuv har ikkala tomon uchun ham gʻoyat muhim va ahamiyatli ekani, oʻz navbatida, ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yildan yilga kengayib, mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

“Ushbu forum universitetlararo yangi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar bogʻlash, kadrlar tayyorlash, taʼlim va ilm-fan sohalarida olib borilayotgan jarayonlar borasida fikr-mulohaza va tajriba almashishga xizmat qiladi, – dedi A.Toshqulov.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro hamkorlikda 100 dan ortiq xorijiy, jumladan AQSH, Germaniya, Rossiya, Belorus, Gollandiya, Isroil, Italiya, Finlyandiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi davlatlarining nufuzli universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlab kelmoqda.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari Fransiyaning Parij xalqaro moda akademiyasi, “Vatel” mehmonxona va turizm biznes maktabi, ENAC (ENAK) Milliy aviatsiya maktabi, Panteon-Sarbonna, Strasburg, Serji Pontuaz, Bordo, Puatye, Lotaringiya universitetlari bilan samarali hamkorlik qilmoqda.

Forum ishida universitetlararo ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish boʻyicha samarali munozara, tajriba almashish va istiqbolli rejalar muhokama qilinmoqda.

Manzil:100100, Toshkent sh, Yakkasaroy tum.,
Shohjahon ko‘chasi 5
Bog’lanish:
(99871) 253-06-06
Faks:
(99871) 253-36-17
E-mail: Pochta@ttyesi.uz

©TTYSI Raqamli ta'lim texnologiyalar markazi 2024
error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!