YANGILIK VA TADBIRLAR

Oybekning ibratli hayot yo‘llari!

12

Adiblar xiyobonida qad rostlagan buyuk siymolarning haykallari atrofida ilm ahli yana jam bo‘lishdi. Oliy o‘quv yurtlari tomonidan tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham adiblarimizning ibratli hayot yo‘llari yana bir bor yodga olindi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilning 30-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan O‘zbek adabiyotining zabardast vakili, go‘zal axloq sohibi, ulkan va nozik qalb egasi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Aziz Said, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Malika Ibrohimova, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ulug‘bek Abdullayev, institut ustoz-murabbiylari va Yengil sanoat texnologiyasi va dizayn fakulteti talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Ulkan so‘z ustasi, adibning zamondoshi, do‘sti Abdulla Qahhor Oybek haqida shunday degan edi: “Talant qanchalik katta, qanchalik qudratli bo‘lmasin, har nechuk, yuzada bo‘lmaydi, konga o‘xshash yerning qa’rida bo‘ladi. Bu kon- talantni qazib olish uchun avvalo katta aql, undan keyin katta bilim, matonat, kuch-g‘ayrat, buning ustiga dard bo‘lishi kerak. Katta talant egasi Oybekda mana shu xislatlarning hammasi mavjud. Oybek mana shu xislatlari bilan xalqimiz ma’naviy xazinasiga katta boylik qo‘shdi”.

Oybek nafaqat ulkan adib va mohir tarjimon, balki haqiqiy do‘st, kuyunchak ustoz, sadoqatli umr yo‘ldosh sifatida bizga ma’lum. Shoir she’rlarida go‘zallik, nafosat barq urib turadi.

Hozirgi paytda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oybek muzeyi”ni tashkil qilish va unda dars jarayonini o‘tkazish, amaliy mashg‘ulotlar, ochiq darslar va seminarlarni tashkil qilish, “Adiblar xiyoboni”, “Oybek uy-muzeyi” va institutdagi “Oybek muzeyi”da tashkil etish hamda Oybekning hayoti va ijodini keng miqyosda o‘rganish uchun talabalarga kurs ishi, bitiruv malaka ishlari va magistrlik dissertasiyalari mavzularini berish yuzasidan institutda targ‘ibot ishlari jadal su’ratlarda olib borilmoqda. O‘ylaymizki, boshlagan ish Oybek domla xotirasiga atalgan munosib armug‘on bo‘lsa ajabmas.

Manzil:100100, Toshkent sh, Yakkasaroy tum.,
Shohjahon ko‘chasi 5
Bog’lanish:
(99871) 253-06-06
Faks:
(99871) 253-36-17
E-mail: Pochta@ttyesi.uz

©TTYSI Raqamli ta'lim texnologiyalar markazi 2024
error: SAYT MATNI HIMOYALANGAN !!